“PURIO” — AQSh bozori uchun kir yuvish mashinalarini tozalovchi vosita brendingi
O‘zbekistondan okean ortiga: Amerikalik iste’molchi ishonchini qozonish uchun yaratilgan vizual strategiya.
1. Muammo va vazifa
Dizaynning chegarasi yo‘q. Bu galgi vazifamiz har qachongidan ham mas’uliyatli edi — AQSh bozori uchun yangi “Purio” brendini yaratish. Bungacha amerikalik vatandoshlarimiz bilan hamkorlik qilgan bo‘lsak, bu loyihada buyurtmachimiz AQShlik tadbirkor — janob Cheskel bo‘ldi.
Vazifa — kir yuvish mashinalarini chuqur tozalovchi (kubik) vosita uchun amerikalik iste’molchi didiga mos, professional va mahsulotning yuqori samaradorligini ko‘rsatib beradigan logotip hamda qadoq dizaynini ishlab chiqish edi.
2. Tadqiqot
Global bozorga kirish uchun avvalo mahalliy iste’molchi psixologiyasini tahlil qildik.
Bozor insayti. Amerikalik xaridor uchun qadoqdagi ma’lumotlarning aniqligi va vizual ishonchlilik birinchi o‘rinda turadi. Bu yerda dizayn shunchaki chiroyli rasm emas, balki mahsulotning “tili” va sifat kafolati vazifasini bajarishi kerak.
Vizual insayt. Tozalik va gigiyena segmentida yorqin ko‘k va oq ranglar kombinatsiyasi eng samarali ekanligi aniqlandi. Bu ranglar xaridorda ong osti darajasida yangilik va tozalik hissini uyg‘otadi.
3. Yechim
Biz AQSh bozori standartlariga javob beradigan “Fresh & Clean” obrazini yaratdik.
Logotip va Aydentika. Brend uchun kuchli va dinamik “Purio” logotipi ishlab chiqildi. Logotipdagi suv to‘lqinlari va yashil elementlar mahsulotning ham samaradorligini, ham xavfsizligini anglatadi.
3D-vizualizatsiya va Illyustratsiya. Xaridorga tabletkaning qanday ishlashini ko‘rsatish uchun maxsus 3D modellar yaratildi.
- Qadoqning markazida tozalovchi kubikning ichki tuzilishi va uning suvdagi ta’siri realistik tarzda aks ettirildi.
- Kir yuvish mashinasining 3D tasviri orqali mahsulotning aynan qaysi sohaga yo‘naltirilgani (Washing Machine Cleaner) bir qarashdayoq tushunarli bo‘lishi ta’minlandi.
- “Deep Clean Formula” kabi texnik ma’lumotlar va “1 Year Supply” belgilari amerikalik xaridor uchun muhim bo‘lgan aniqlikni ifodaladi.
Natija
Okean orti bozoriga kirish uchun ingliz tilini mukammal bilish shart emas ekan — to‘g‘ri gapiradigan dizaynning o‘zi yetarli bo‘ldi.
Biz yaratgan 3D qadoq AQSh rastalarida mahsulotning kuchini so‘zsiz tushuntira oldi va buyurtmachimizning yuqori bahosiga sazovor bo‘ldi.
Afsonaviy dizayner Massimo Vinyelli ta’kidlaganidek: “Dizayn — bu shunchaki vizual uslub emas, u butun bir tildir”. “Purio” loyihasida biz aynan shu universal til orqali okean ortidagi xaridorlar bilan so‘zlasha oldik va O‘zbekiston brending maktabi global maydonda ham bemalol “jang” qila olishini isbotladik.




