Lazgi – Xorazm madaniyatidan ilhomlangan muzqaymoq qadoq dizayni
Bozorga yangi mahsulot olib kirishda uni shunchaki tarjima qilishning oʻzi yetarli emas. Uni mahalliy mentalitetga va madaniyatga moslashtirish (lokalizatsiya) — eng toʻgʻri marketing strategiyasi hisoblanadi. MINIM agentligining navbatdagi loyihasi aynan shunday keys, yaʼni “Lazgi” muzqaymogʻi uchun qadoq dizayni boʻldi.
1. Muammo va vazifa
Mahsulotning yaratilish tarixi va asl gʻoyasi juda qiziq. Bu muzqaymoqni ishlab chiqaradigan uskuna massani qadoqqa shunchaki quymaydi, balki oʻziga xos burama, aylanma harakatlar bilan chiqaradi. Shuning hisobiga muzqaymoq teksturasida goʻzal toʻlqinlar hosil boʻladi.
Rossiya bozorida bu formatdagi muzqaymoq aynan shu aylanma harakatlari sababli “Vals” deb nomlangan. Mijozimiz bu texnologik mahsulotni Oʻzbekiston bozoriga olib kirishga qaror qildi. Biroq “Vals” nomi oʻzbek xaridori uchun unchalik yaqin emas. Shu sababli mijoz aylanma va dinamik harakatlarni oʻzida mujassam etgan mahsulot nomini mahalliylashtirib, oʻzimizning milliy raqsimiz boʻlgan “Lazgi” nomiga oʻzgartirdi.
Bizning vazifamiz — bu nomni vizual tarzda oqlash, qadoqda Xorazm ruhiyatini va muzqaymoqning oʻziga xos “raqsga tushayotgan” teksturasini ochib berish edi.
2. Tadqiqot
Muzlatkich polkalarini va xaridorlarning tanlov jarayonini kuzatib, qiziq bir paradoksni aniqladik. Bozordagi aksariyat brendlar “milliylik” deganda faqat doʻppi yoki paxta gulli naqshlarni tushunadi, oqibatda barcha mahalliy mahsulotlar polkada bir-biriga singib, koʻrinmas boʻlib ketadi.
Ikkinchi muhim insayt esa isteʼmolchi tajribasi bilan bogʻliq edi: xaridorlar standart silliq eskimolardan zerikkan. Vizual tahlillarimiz shuni koʻrsatdiki, doʻkondagi vizual shovqin ichida xaridor eʼtiborini tortish uchun umumiy oʻzbekona shablonlardan qochib, aynan Xorazmga xos boʻlgan sovuq mozaika ranglarini va mahsulotning dinamik burama teksturasini birinchi planga olib chiqish eng toʻgʻri va kuchli yechim boʻladi.
3. Yechim
Nom “Lazgi” boʻlgani sababli butun dizayn konsepsiyasi Xorazm madaniyati, tarixi va kayfiyati ustiga qurildi:
- Tarixiy meros — Xorazmshohlar quyoshi: qadoq markazida, logotip ortida joylashgan koʻp nurli quyosh tasviri shunchaki bezak emas. Vizual yechimni ishlab chiqishda biz qadimiy Xorazmshohlar davlatining tarixiy bayrogʻi — sher ortidan chiqib kelayotgan koʻp nurli quyoshdan ilhomlandik. Bu quyosh obrazini zamonaviy grafikaga oʻgirib, qadoqqa joylashtirdik.
- Fon va arxitektura: qadoqning orqa fonida Xorazm meʼmorchiligining durdonasi — mashhur Kalta Minorning silueti tasvirlangan. Fonning ochiq havorang tusi va mozaika naqshlari aynan shu minorani eslatadi.
- Illyustratsiya va xarakter: xaridorga bayramona kayfiyat berish uchun qadoqning pastki qismiga maxsus avtorlik illyustratsiyasi chizildi. Unda Xorazmning yorqin detallari — choʻgirma kiygan yigitlar, doira chalayotgan sozanda, yonboshlab choy ichayotgan personaj va lazgiga raqsga tushayotgan qiz tasvirlandi.
- Taʼmlar nomi: mahsulot 3 xil turda ishlab chiqarildi va ularni standart tarzda nomlashdan voz kechdik. Har bir taʼm dizaynga mos premium usulda nomlandi:
- Qirmizi Marvarid — malina qiyomiga toʻla muzqaymoq.
- Oltin Marmar — qaynatilgan sut qoʻshilgan kremli muzqaymoq.
- Shoko-Banan — shokolad toʻlqinlari bilan boyitilgan bananli muzqaymoq.
Natija
Konsepsiya va vizual yechimning mantigʻi shunchalik kuchli va asoslangan ediki, mijoz dizaynni birinchi raunddayoq qabul qildi.
Bu loyiha orqali biz shunchaki xorij mahsulotini Oʻzbekiston bozoriga moslashtirib qoʻymadik, balki xaridor qoʻliga olganda tabassum qiladigan, kuchli madaniy kodga ega haqiqiy lokal brend yarata oldik.
Siz ham xorijiy mahsulotni Oʻzbekiston bozoriga olib kirmoqchimisiz yoki brendingizni dizayn orqali chuqur maʼno bilan boyitmoqchimisiz? MINIM agentligi bilan bogʻlaning.











