Taamin — muzqaymoqlar lineykasi uchun qadoq dizayni
Hozirgi zamon tadbirkorlari — tom ma’noda universal askar. Ular faqatgina rahbar emas, o‘rni kelsa marketolog, o‘rni kelsa ijodkor ham. Biror loyiha boshlashdan oldin bizgacha yetib kelguncha o‘zlari rosa izlanishadi, ChatGPT bilan “maslahatli oshi” qilishadi, ko‘plab g‘oyalarni generatsiya qilib, vizual tasavvurlarni shakllantirishadi.
Urganchning Khorezm Holod kompaniyasi (uzoq muddatli doimiy mijozimiz) bizga yangi Taamin muzqaymoqlar lineykasi uchun xuddi shunday zamonaviy yondashuv bilan qadoq dizayni ishlab chiqish vazifasi bilan yuzlandi.
1. Muammo va vazifa
Mijozning bizga qo‘ygan talabi qiziq va ijodiy edi. Ular sun’iy intellekt yordamida kerakli texnik vazifani (TZ) va Taamin nomini shakllantirib kelishgandi. Lekin vizual ijroni, ya’ni mahsulotni e’tiborni tortib, bozorda sotiladigan qilishni bizga ishonib topshirishlarini bildirishdi.
Demak, oldimizdagi asosiy vazifa — mijozning tasavvuridagi g‘oyalarni haqiqiy, ishtahaochar va zamonaviy qadoqqa aylantirish edi.
2. Tadqiqot
Bizga ikki xil turdagi muzqaymoq lineykasi taqdim etildi: ichida qarsildoq (crispy) sharikchalari bor eskimolar va vafli stakanli klassik plombirlar.
Xalqimizda “Odam ovqatni avval ko‘zi bilan yeydi” degan gap bor. Xaridor muzlatkichga qaragandayoq beixtiyor so‘lak bezlari ishlab ketishi uchun mahsulotning eng “udar” joyini ko‘rsatishimiz kerak edi. Ya’ni xaridor qadoqni ushlagandayoq tishining ostida qarsildoq sharikchalarni yoki yumshoq plombir ta’mini his qilishi muhim jihat edi.
3. Yechim
Boshni ko‘p qotirmay, barcha mahsulotlarni yagona, esda tez qoladigan, lekin har birining o‘z xarakterini ochib turuvchi dizayn tizimiga birlashtirdik:
- Qarsildoq eskimolar: shokoladli, bananli va qulupnayli ta’mlar uchun to‘q, premium ranglar tanladik. Dizaynning qoq markazida mahsulotning tishlangan holati tasvirlandi. Ichidagi qarsildoq sharikchalar shundoqqina “meni ye” deb ko‘zga tashlanib turadi. Buni yanada boyitish uchun “Crunch in every bite” (Har bir tishlamda qarsildoq) shiorini qo‘shdik.
- Vafli stakanli muzqaymoqlar: bu yerda ranglar o‘yini va detallarga zo‘r berdik. Klassik plombir uchun havorang, shokoladli ta’m uchun jigarrang va krem-bryule uchun zarg‘aldoq qadoqlarni yaratdik. Har bir dizaynda asosiy mahsulotning tishlangan holati va uning ta’mini beruvchi elementlar (sut solingan ko‘zacha, shokolad bo‘laklari, krem-bryule deserti) mahorat bilan joylashtirildi.
- Etiketka: matn ko‘rinishidagi texnik ma’lumotlar tipografika va modulli setka qoidalari asosida, xaridor o‘qishiga qulay va tartibli qilib taxlab chiqildi.
Natija
Biz taqdim etgan birinchi raunddagi konsepsiyalar mijozga darhol manzur bo‘ldi. Ammo, “Maslahatli to‘y tarqamas” deyishadi. Dizayn jarayoni har doim ham silliq, bir urinishdayoq yakuniga yetavermaydi. Loyiha davomida mijozdan ayrim korrektirovkalar va fidbeklar (tuzatishlar) keldi.
Biz bunday fidbeklarni juda qadrlaymiz va to‘g‘ri qabul qilamiz! Nimaga deysizmi? Chunki biz dizaynerlar issiqqina kabinetda o‘tirib, dunyoni ko‘proq monitor orqali ko‘ramiz. Mijozlarimiz esa har kuni iste’molchilar bilan yuzma-yuz ishlaydigan, bozorning pastu balandini jismi bilan his qiladigan odamlardir.
Ularning bozordagi real tajribasi asosida berilgan fikrlarini o‘zimizga olib, kerakli o‘zgartirishlarni kiritdik va dizaynni yanada sayqalladik. Yakunda polkalarni “yondiradigan” va xaridorni o‘ziga tortadigan ajoyib qadoq dunyoga keldi.
Siz ham ko‘ring, xolis baho bering. Mehnatimizni baholab layk bosishni, sahifamizga obuna bo‘lishni va bu shirin loyihani do‘stlaringizga jo‘natib qo‘yishni unutmang. Xo‘sh, sizda qaysi ta’mdagisini tatib ko‘rish istagi uyg‘ondi?















