Gelion Ice Cream — muzqaymoqlar qadog‘i va yagona dizayn tizimi
Yozning jaziramasida muzqaymoqxo‘rlik qilishga nima yetsin! Lekin bu shirin biznesning ichidagi raqobat shunchalik qaynoqki, sal e’tiborsiz bo‘lsangiz, biznesingiz oftobda qolgan muzqaymoqdek erib ketishi hech gap emas.
Samarqandlik ishlab chiqaruvchimiz — “Gelion Ice Cream” kompaniyasi MINIM agentligiga aynan shunday muammolar va katta maqsadlar bilan keldi.
1. Muammo va vazifa
Bugungi kunda bozor muzqaymoqqa anchagina to‘yinib qoldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Do‘konlardagi muzlatkichlarga qarasangiz, qay birini tanlashni bilmay boshingiz qotadi: Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, hattoki Koreya va Xitoydan kirib kelayotgan qadoqlar qatorlanib turibdi. Bunday kuchli bosim ostida eski mahalliy brendlar o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun rosa ter to‘kishiga to‘g‘ri kelyapti — polka va muzlatkichlardan joy egallash tobora qiyinlashib bormoqda.
Lekin eng yomoni bu emas. Deylik, ishlab chiqaruvchining o‘z firma muzlatkichi bor. Ammo uning ichidagi 20 ta mahsulot 20 xil dizaynda bo‘lsa-chi? Xaridor bu mahsulotlarning barchasi bitta brendga tegishli ekanini bilmaydi. Natijada bitta zo‘r chiqqan muzqaymoq yaxshi sotiladi-yu, qolgan 19 tasi muzlatkichning tagida “o‘tirib” qolib, omborda qoldiq (ostatka) ko‘payadi.
“Gelion Ice Cream”da ham aynan shu muammo bor edi. Ularda 50 dan ortiq assortiment bo‘lsa, bir-biriga o‘xshamaydigan dizaynlar ham 50 dan ziyod edi.
Bizning oldimizdagi vazifa — butun boshli mahsulotlar armiyasi uchun (u kiloli bo‘ladimi, konusli, cho‘pli yoki stakanlimi, farqi yo‘q) yagona, moslashuvchan va ideal dizayn tizimini yaratib berish edi.
2. Tadqiqot
Muzqaymoq bozorini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, raqobatchilarning ko‘pchiligi oq, havorang, qizil yoki jigarrang (shokolad rangi) qadoqlardan foydalanadi. Bozordagi vizual shovqin ancha baland.
Bizga xaridorning diqqatini shap etib ushlab oladigan, bozorda kam ishlatiladigan, lekin shu bilan birga premium va ishtahaochar ko‘rinadigan asosiy brend rangi kerak edi.
3. Yechim
Bosh qotirishlar va izlanishlardan so‘ng, biz mukammal yechimni topdik.
Asosiy brend rangi — siyohrang
Butun dizayn tizimini qurish uchun to‘q siyohrangni tanladik. Bu rang bozorda kam uchraydi, ko‘zga tez tashlanadi va eng muhimi — istalgan mevali yoki shokoladli ta’mlar bilan vizual jihatdan zo‘r chiqishadi. Asosiy planda “Gelion Ice” nomi yirik harflarda berildi, uning tagida esa mahsulot ta’mi yoki turi maxsus plashkada ko‘rsatildi.
So‘lak bezlarini jumbushga keltiruvchi renderlar
Muzqaymoq dizaynida eng muhim narsa — bu mahsulotning o‘zi! Biz har bir muzqaymoq modelini shunchalik realistik va ishtahaochar qilib ishlab chiqdikki, qadoqqa qaragan odamning beixtiyor so‘lak bezlari ishlab ketadi. Mayin shokolad oqib turgani, yong‘oqlar va muzqaymoqning fakturasi birinchi planda ko‘rsatildi.
Yangilik: Tako formati
Innovatsiyadan ham qochmadik. Bozorga yangilik sifatida Meksikaning mashhur “Tako” stilidagi muzqaymoq konsepsiyasini taklif qildik. Xuddi yopgan nondek ikki chetga bukilgan, ichi muzqaymoq va usti shokolad bilan qoplangan bu noodatiy format xaridorlar uchun haqiqiy syurpriz bo‘lishi aniq edi.
Qadoqdan tashqariga chiqdik
Dizayn tizimimiz shunchalik universal chiqdiki, biz uni nafaqat qadoqlarga, balki kompaniyaning muzlatkichlari, yetkazib berish mashinalari va tashqi reklama (banner)lari uchun ham moslashtirib, to‘liq brendlash ishlarini bajarib berdik.
Natija
Xalqimizda “Yaxshi niyat — yarim davlat” degan gap bor. Bu loyihada bizning niyatimiz ham, ishimiz ham mijozga birinchi raundning o‘zidayoq, ortiqcha e’tirozlarsiz manzur bo‘ldi. Eng qizig‘i, mijozimiz boshida faqat 4 ta muzqaymoq turi uchun dizayn qildirmoqchi edi. Lekin biz ishlab chiqqan dizayn tizimining qanchalik moslashuvchan va zo‘r ishlashini ko‘rgach, jami 25 dan ortiq SKU (mahsulot turi) uchun redizayn buyurtma qildi!
Marketing va moliyaviy natija
Endi bu yagona dizayn tizimining biznesga foydasini matematika tilida tushuntirsak. Oldin mijozimizda 50 ta har xil tarqoq dizayn bor edi. Tasavvur qiling, har bir mahsulotni reklama qilish uchun 500 dollardan sarflansa, 50 tasi uchun 25 000 dollar havoga uchardi.
Endi esa vaziyat tubdan o‘zgardi. Dizaynlar bir xil uslubda, siyohrang fonda bo‘lgani uchun bitta mahsulotni reklama qilish orqali butun boshli “Gelion Ice” brendi reklama qilinadi. Ya’ni tadbirkor endi 25 000 dollar sochmaydi. U bitta zo‘r rolik yoki bannerga 1000 yoki 2000 dollar sarflasa kifoya — xaridor bitta siyohrang muzqaymoqni ko‘rib, do‘konga kiradi va shu stildagi brendning boshqa istalgan mahsulotini sotib olaveradi.
Natijada marketing xarajatlari o‘nlab barobarga qisqardi, brend taniqliligi oshdi va esda qolarli dizayn savdo hajmi keskin o‘sishiga xizmat qila boshladi. MINIM esa navbatdagi loyihani muvaffaqiyatli yakunlab, Samarqandning muzqaymoqlariga chinakam “qaynoq” hayot bag‘ishladi.











