Rozi Candy — konfetlar uchun neyming va qadoq dizayni
Rozi Candy — bir paytlar bozori chaqqon bo‘lgan mazali konfetlar ishlab chiqaruvchi korxona. Ammo yaxshi mahsulotning ham qadog‘i tufayli “qozoni qaynamay” qolishi mumkin. Biz Rozi Candy bilan qadoq muammosini to‘laqonli hal qildik.1. Muammo va vazifa
Rozi Candy mahsulotlarining o‘zi zo‘r bo‘lsa-da, avvalgi qadoqlari dizayni zamon talablariga javob bermay qolgandi. Natijada u e’tiborni tortmasdi.
Do‘kon egalari esa “vozvrat” bo‘lmasin deb, tovarni olishga ikkilanardilar. Savdo sekin-asta tushib borayotgandi.
Biz faqat bolalarbop emas, balki kattalarning ham e’tiborini tortadigan dizayn qilib, maqsadli auditoriya qamrovini oshirish orqali sotuvlarga ham ijobiy ta’sir qilish haqida o‘yladik. Ayniqsa, tamaki chekishni tashlamoqchi bo‘lganlar, muhim uchrashuv oldidan nafasni tezgina yangilashni xohlovchilar uchun bu yaxshi taklif bo‘la olardi. “Bitta o‘q bilan ikki quyonni urish” tamoyili asosida biznesni kengaytirish imkoniyati bor edi.
2. Tadqiqot va insaytlar
Dizaynga bel bog‘lashdan avval bozordagi vaziyatni o‘rgandik.
- O‘rganishlar shuni ko‘rsatdi: eskicha qadoqdagi mahsulot kassa oldidagi “shoshilinch xarid” zonasida jonsizdek yotadi. Xaridorlar ko‘ziga umuman ilinmaydi.
- Xorij tajribasi: bozordagi eng muvaffaqiyatli xorijiy shirinliklarning qadoqlari nega bunchalik yaxshi sotilayotganini tahlil qildik.
- Asosiy insayt: iste’molchi hamyonbop narxda ham ko‘rinishi chiroyli va zamonaviy bo‘lgan mahsulotni istaydi. Qadoq “ko‘zni o‘ynatsa”, xaridor uning narxiga uzoq qarab turmaydi.
Aynan shu chuqur anglash bizga yo‘lning yarmini bosib o‘tishga yordam berdi.
3. Yechim
Neyming
Tadqiqotlarimiz asosida mahsulotga “Nijji” deya nom berib, yangicha uslub yaratdik. Kelib chiqishi yaponcha bo‘lgan bu so‘z “kamalak” degan ma’noni anglatadi. “Nijji” nomi konfetlarning xuddi kamalak kabi turfa xil ta’m va iforlarga ega ekanini ifodalaydi.
Dizayn
- Dizaynni aynan kassa oldidagi ko‘zga tashlanish tamoyiliga moslashtirdik.
- Natijada jozibador, hammabop va tez esda qoladigan dizayn chiqdi. Mahsulot qimmat segment uchun bo‘lmasa ham, xuddi xorijdan kelgandek serhasham ko‘rinishga ega bo‘ldi.
Natija
Yangi “Nijji” qadog‘i polkalarga chiqqanidan so‘ng bozorga keng yo‘l ochildi:
- Magnit: mahsulot kassa yonida suvdek yaxshi sotila boshladi va tez aylanadigan tovarlar qatoriga kirdi.
- Yangi bozorlar: dizayn nafaqat bolalar, balki barchaning e’tiborini tortishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa savdo hajmining sezilarli o‘sishiga va yangi do‘konlar bilan shartnomalar tuzishga olib keldi.
Hozirda “Nijji” qadog‘i yangi polkalarni zabt etishda davom etmoqda. Sizga ham shu kabi sifatli yechimlar kerak bo‘lsa, Minim agentligi ishonchingizni oqlaydi!









