Janob Semechka — qadoq dizayni va maskot
O‘zbek bozorida pista (semechka) sotish — bu xuddi sahroda qum sotishdek gap. Raqobat shu darajada kuchliki, har bir ko‘cha boshida, har bir do‘konda o‘nlab variant bor. Ayniqsa, Xitoydan sifatli xomashyo kirib kelishi ko‘paygach, O‘zbekiston bozori pistaga to‘yindi. Endi xaridorni shunchaki oddiy mahsulot bilan hayron qoldirish qiyin.
Raqobat katta bozorga, ayniqsa, tabiatan talabchan Vodiy xaridoriga yangi mahsulotni qanday olib kirish mumkin?
1. Vazifa
Mijozimiz “Janob Semechka” nomi bilan keldi. Bizning vazifamiz — shunchaki chiroyli qadoq ishlab chiqish emas, balki bu nomni tiriltirish va odamlarning ko‘nglidan joy olish edi.
Bizning asosiy jang maydonimiz Vodiy hududi edi. Raqobat katta bozorda Vodiy ahli uchun yana bir odatiy qadoq ishlab chiqsak, ya’ni qadoqni odatiy kungaboqar rasmi bilan chiqarsak, o‘nlab brendlar ichida yo‘qolib ketamiz. Shu bois bizga xarakter kerak.
2. Tadqiqot
Ishni boshlashdan avval bozorni yaxshilab tahlil qildik. O‘rganishlar jarayonida raqobatning kattaligiga ahamiyat berdik — rastalarda joy yo‘q. Igna tashlasang yerga tushmaydi.
Undan tashqari, yana bir manzarani ko‘rdik: hamma qadoqda shunchaki qora pista uyumi. Xaridor uchun A pista bilan B pistaning farqi yo‘q. Kim arzonroq bersa yoki qaysi mahsulot birinchi ko‘zga tashlansa — o‘shani oladi.
Odamlar hamma narsadan charchagan, lekin samimiyat va hurmatni hamisha qadrlaydi. Tayyor bo‘lgan “Janob Semechka” nomi bizga zo‘r imkoniyat berdi. “Janob” so‘zida madaniyat, hurmat va sifat bor. Biz tushundikki, agar brendga “jon kirgizsak”, ajralib chiqishimiz oson bo‘ladi.
3. Yechim
Natijada biz pistani shunchaki yegulik emas, balki xarakteri bor shaxsga aylantirdik. Oddiy kungaboqar rasmi o‘rniga, o‘ziga xos maskot (qahramon) yaratdik.
- Qiyofa va xarakter: qadoqdagi qahramonga e’tibor bering — u shunchaki rasm emas. Boshida shlyapa, bo‘ynida babochka, labida salobatli mo‘ylov.
- Shlyapa va babochka — oliy navli mahsulot ekanligiga ishora. Ko‘chadagi xola sotadigan qo‘lbola qovurilgan pista emas, zavodda, toza va tartibli tayyorlangan mahsulot.
- Ranglar psixologiyasi: har bir ta’m va turi uchun (tuzli, tuzsiz, yirik) aniq ranglar tanlandi (yashil, qizil, to‘q sariq). Bu do‘konda shoshib turgan xaridorga kerakli mahsulot turini adashmasdan tanlashga yordam beradi.
Natija
Biz qilgan dizayn va mijozning harakati birlashib, kutilgan natijani berdi:
- qisqa vaqt ichida “Janob Semechka” Vodiy bozorlariga kirib bordi.
- odamlar mahsulotni yaxshi eslab qoldi va “shlyapa kiygan, mo‘ylovli pista” degan takrorlanmas tasavvurga ega bo‘ldi. Maskot o‘z ishini qildi — mahsulotni o‘nlab “qora paketlar” ichidan ajratib ko‘rsatdi.
- dizayn tufayli mahsulot arzon segmentdan yuqori segmentga ko‘tarildi.
Bozorda raqobatchilar ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin yuzi va xarakteri bor brendlar barmoq bilan sanarli. Agar mahsulotingiz hammanikidek bo‘lsa, siz faqat narx bilan raqobatlasha olasiz (arzon sotishga majbursiz). Agar “Janob Semechka” kabi o‘z qiyofangiz bo‘lsa, xaridor sizni eski tanishidek qabul qiladi va sodiq mijozga aylanadi.
Sizning mahsulotingiz ham rastada “gapirib” turishini xohlaysizmi? Minim Design — biz brendlarga jon bag‘ishlaymiz.









