Basma – oilaviy muzqaymoq uchun kilogrammli qadoq dizayni
1. Vazifa
Bilasiz, bizda neyming xizmati ham bor. Mijozimiz oila va katta davralar uchun mo‘ljallangan kiloli muzqaymoqlar lineykasini ishlab chiqarishni reja qilgandi. Biz avvaliga yangi yo‘nalish uchun “Davras” nomini taklif qildik — eshitilishi jarangdor, mazmuni ham davralar va dasturxonga mos. Ammo yakunda qarorlar o‘zgardi.
2. Tadqiqot
Bir muhim jihatni nazardan qochirib bo‘lmasdi: “Basma”ning donali muzqaymoqlari allaqachon bozorda o‘z mijozlariga ega bo‘lib, xalqning mehrini qozonib ulgurgan edi. Tavakkal qilib yangi nomni tanitishga katta mablag‘ va resurs sarflagandan ko‘ra, xaridorning ko‘zi o‘rgangan va ishonchiga kirgan eski qadrdon — “Basma” brendini qoldirish eng oqilona qaror bo‘ldi.
Muzqaymoq — bu shunchaki shirinlik emas, u sof hissiyot. Xaridor muzqaymoqni qo‘liga olishidan oldin uni “ko‘zi bilan yeyishi” kerak. Biz bozordagi holatni va iste’molchi psixologiyasini chuqur o‘rganib, shunday xulosaga keldik: mahsulot rastada turiboq o‘zini o‘zi sotishi shart. Buning uchun qadoq shunchaki himoya qobig‘i emas, balki odamning ishtahasini qitiqlaydigan, ta’m retseptorlarini uyg‘otadigan vitrina vazifasini o‘tashi lozim.
3. Yechim
Qadoq dizaynida mahsulotning asl tabiatini ochib beradigan bir nechta kuchli yurishlarni amalga oshirdik:
- Real tekstura — bosh qahramon: dizayndagi eng katta yechimimiz shu bo‘ldiki, qadoq foniga shunchaki rang bermadik, balki har bir ta’mning (qulupnay, vanil, kivi) o‘ziga xos, real teksturasini yuqoridan olingan rakursda butun fonga joylashtirdik. Natijada qadoqning o‘zi ulkan, mazali muzqaymoqqa aylandi! Ko‘z o‘ngingizda nafaqat yozuv, balki shundoqqina muzqaymoqning o‘zi turadi.
- Tabiiylik: hozirgi “sun’iylik” asrida odamlar samimiyatni sog‘inishgan. Shu bois asosiy ma’lumotlar va xarakteristikalar tushirilgan etiketkani kraft qog‘ozi effektida ishladik. Bu inson ongostida qo‘l mehnati va toza mahsulot degan iliq signallarni beradi.
- Inson tafti: barcha ikonkalarni va ba’zi elementlarni hand-written, ya’ni xuddi xattot qo‘li bilan chizgandek jonli stilda ishlab chiqdik. Bu sovuq, shtamp grafikadan ko‘ra ancha iliqroq va yaqinroq ko‘rinadi.
Natija
Yakunda shunday dizaynga erishdikki, u nafaqat ko‘zni quvontiradi, balki xaridorda “baraka topgurlar, bo‘larkan-ku” degan kuchli taassurot uyg‘otadi. Real tekstura va tabiiylik aks etgan kraft uyg‘unligi tufayli mahsulotning bahosi va qadri oshdi. Basma endi nafaqat yakkaxon iste’molda, balki katta davralarda ham o‘z so‘zini aytadigan, oilaviy dasturxonlarning ko‘rkiga aylanadigan bo‘ldi.
Bu keys sizga ma’qul keldimi? Sizning mahsulotingizga ham shunday o‘zini o‘zi sotadigan kuchli dizayn kerak bo‘lsa, biz shu yerdamiz. Bizga murojaat qiling, loyihangizni birgalikda muhokama qilamiz.









