NINJA — o‘smirlar uchun muzqaymoq brendingi va qadoq dizayni

NINJA — o‘smirlar uchun muzqaymoq brendingi va qadoq dizayni

Muvaffaqiyatli neyming va mahsulotning ichki qatlamini ko‘rsatishning noan’anaviy vizual yechimi.

  • Qadoq dizayni

1. Vazifa

Ishonch — eng katta sarmoya. O‘tgan yilgi muvaffaqiyatli hamkorlikdan so‘ng, “Zenit” kompaniyasi yangi mahsulot bilan yana bizga murojaat qildi.

Yangi mahsulot: tashqi mevali muz, ichi esa qaymoqli plombir bo‘lgan muzqaymoq. Asosiy auditoriya — 12–16 yoshli o‘smirlar edi. Vazifa — mazkur o‘ziga xos didga ega va trendlarga ergashadigan auditoriya e’tiborini tortadigan kuchli nom hamda unga hamohang qadoq yaratish edi.

2. Tadqiqot

Loyihani boshlashdan avval biz auditoriya psixologiyasi va mahsulot xususiyatlarini chuqur tahlil qildik.

Auditoriya insayti. “Har qulfining o‘z kaliti bor” deganlaridek, hozirda o‘smirlarni zerikarli va standart dizayn bilan qoyil qoldirib bo‘lmaydi. Ularning e’tiborini tortish uchun pop-madaniyat trendlariga murojaat qilish, ya’ni faqat ularning tilida gaplashish kerakligi ayon bo‘ldi.

Mahsulot insayti. Ikki qavatli muzqaymoqning ichidagi plombirni ko‘rsatish uchun raqobatchilar odatda uning bir chetini “tishlangan” holatda tasvirlashadi. Bizga esa mutlaqo yangi, ammo auditoriyaga bir qarashdayoq tanish bo‘lgan original yondashuv zarur edi.

3. Yechim

Vizual konsepsiyani to‘g‘ri belgilab olish uchun, eng avvalo, biz brendga kuchli nom topishga kirishdik.

Neyming. Dastlab mijozga 8 ta turli nom taklif qildik. Saralashlardan so‘ng ular orasida “Ninja” va “Enjoy” (rohatlan) so‘zlarini birlashtirgan “Ninjoy” varianti yetakchilik qilayotgan edi. Biroq yakuniy muhokamada ortiqcha murakkablikdan voz kechib, eng jarangdor va hammaga tanish bo‘lgan “NINJA” nomida to‘xtaldik.

Vizual aydentika. Dizaynning asosiy kuchi — nom va konsepsiyaning uyg‘unligida. Dunyoga mashhur “Fruit Ninja” mobil o‘yinidan ilhomlangan holda:

  • Logotip: Zamonaviy 3D formatda, yog‘och taxtacha fonida, sachrayotgan sharbatlar va havoda uchib yurgan meva bo‘laklari bilan ishlandi.
  • Kesilgan muzqaymoq: Ichki qatlamni ko‘rsatish uchun biz zerikarli “tishlangan” shakldan voz kechdik. Modomiki nom “Ninja” ekan, qadoqda muzqaymoqni xuddi ninja qilichida ikkiga bo‘lingandek tasvirladik. Bu esa dizaynga kuchli dinamika bag‘ishladi.
  • Ranglar: Uch xil ta’m (Kivi, Malina, Apelsin) uchun mahsulotning sovuq tabiatini ochib beruvchi, ishtahani ochuvchi yorqin ranglar tanlandi.

Natija

Natijada biz shunchaki muzqaymoq qadoqini emas, balki avval kuchli nom topib, so‘ng uning ichiga o‘yin ruhini yashirgan yaxlit vizual hikoya yaratdik. Yangi “NINJA” brendi muzlatgich vitrinlarida o‘zining yorqinligi bilan o‘z auditoriyasining diqqatini birinchi soniyadayoq tortishga erishdi.

Grafik dizayn olamining dahosi Milton Gleyzer aytganidek: “Dizaynga uch xil javob berish mumkin: Yo‘q, Ha va Vau!” Biz intilgan maqsad aynan shu “Vau” edi. To‘g‘ri tanlangan nom va kesilgan muzqaymoq g‘oyasi orqali biz o‘smirlardan aynan shu reaksiyani olishga muvaffaq bo‘ldik. Endi “NINJA” brendi “Zenit” portfelidagi eng ko‘p sotiladigan, ya’ni “A-kategoriya”ga da’vogar mahsulotlardan biriga aylandi.